ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

ShHT sayyohlik forumi Toshkentda hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqmoqda

Bugun poytaxtimizda akademik va ishbilarmon doiralar, shuningdek, turizm sohasi vakillari ishtirokida «ShHTga aʼzo davlatlar hamkorligining yangi bosqichi: turizm va madaniy meros» sayyohlik forumi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taʼkidlash joizki, shu kunlarda ShHTga aʼzo davlatlarning sayyohlik sohasi vakillari O‘zbekistonning 2022 yilgi ShHT sammitiga raisligi doirasida Toshkentda  bo‘lib turibdi.

Forum ishini O‘zbekiston Bosh vazirning o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov  tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Anjumanda «ShHT makonida turizmni barqaror rivojlantirish», «ShHT mamlakatlarining madaniy merosi: yangi tashabbuslar», «ShHT mamlakatlari arxeologiyasi va muzeylari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari», «SHHT mamlakatlarining turizm va madaniy merosi sohasida taʼlim va fan sohasidagi hamkorlik: muammolar va istiqbollar» singari dolzarb mavzularda uchta sessiya bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar xalqaro turizmning dolzarb masalalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, turizm va madaniy meros sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha  Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida ShHTga aʼzo davlatlar turizm maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.