Italiyadan munosabat: O‘zbekiston ShHT doirasida dolzarb tashabbus va takliflarni ilgari surmoqda
Italiyaning “Askanews” onlayn-nashrida «O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasidagi vazifalari» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston tomonidan sanoat kooperatsiyasi, kambag‘allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar qalamga olingan. O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) raislikni 2021 yil sentyabr oyida qabul qilib olgani va ushbu jarayoni joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda yakunlanishi maʼlum qilingan.
Tashkilotning asoschilaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosat strategiyasi SHHTning so‘nggi yillardagi faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. «SHHT doirasida O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z imijini yaxshilashga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan, mavjud kun tartibini boyitishga faol hissa qo‘shadigan ko‘plab tashabbus va takliflarni ilgari surmoqda», - deyiladi maqolada.
«Rasmiy Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi, mintaqani barqaror rivojlantirishga qaratilgan asosiy vazifalarga to‘liq mos keladi, - deb yozadi nashr. - Shu sababli bu tashabbuslar tashkilotning barcha aʼzolari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda».
Maqolada O‘zbekistonning ushbu tashkilotga raisligi o‘zbek diplomatiyasi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydigan jiddiy siyosiy jarayon ekani qayd etilgan. Shu bilan birga, raislik O‘zbekistonga nafaqat tashkilot doirasida o‘sish strategiyasini davom ettirish, balki uni aniq natijalar beradigan yangi va muhim qirralar bilan boyitish imkonini beradi.
O‘zbekistonning ShHTga raisligining asosiy yakunlari joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi. «Sammit, shubhasiz, yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi, tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi», - deb yozadi “Askanews”.