Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti II Iqtisodiy forumi ish boshladi
Bugun ertalab Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) II Iqtisodiy forumi o‘z ishini boshladi.
Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov va ShHT Bosh kotibining o‘rinbosari Yerik Ashimov tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.
Ikki kun davomida ishtirokchilar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi, ShHT makonidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Forum dasturi plenar majlislar, panel sessiyalari, ikki tomonlama uchrashuvlar va B2B formatidagi muloqotlarni o‘z ichiga olgan.
Qayd etish joizki, mazkur forum nafaqat hukumatlararo muloqot o‘rnatilishi, balki shbilarmon doiralar, korxonalar vakillarining o‘zaro hamkorligi, shuningdek, ShHT makonining hududlariga investorlarni jalb qilish uchun samarali platformaga aylanishiga daʼvat etilgan.
Eslatib o‘tamiz: birinchi forum 2021 yil 23-24 iyun kunlari Dushanbe shahrida (Tojikiston) bo‘lib o‘tgan edi.