ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Vladimir Norov: ShHT ko‘p qutbli dunyo tartibotini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumi davomida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugungi kunda dunyoda keng ko‘lamli o‘zgarishlar va geosiyosiy ziddiyatlar yuz berayotganini hamda jadal rivojlanish va global o‘zgarishlarning yangi davriga qadam qo‘yilayotganini ta’kidladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

-Bunday sharoitda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti «Shanxay ruhi»ning noyob tamoyillariga tayangan holda xalqaro huquq, ko‘p qirralik va bo‘linmas xavfsizlikka asoslangan ko‘p qutbli dunyo tartibotini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda, - dedi  Vladimir Norov. - Shu bilan birga, a’zo davlatlar Markaziy Osiyoning tashkilot makonining yanada taraqqiy etishidagi muhim rolini tan olmoqda.

ShHTning o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi asrlar davomida sivilizatsiyalar va diniy madaniyatlar chorrahasi bo‘lib kelgan, ushbu mintaqada shakllangan bag‘rikenglik muhiti turli xalqlar va dinlar vakillarining tinch-totuv yashashiga hissa qo‘shmoqda.