ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

ShHTga aʼzo davlatlar talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan kibersport bo‘yicha xalqaro turnir g‘olibi 50 million so‘mni qo‘lga kiritadi.

Bugun  Toshkent shahridagi  Inha universitetida  Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT)  aʼzo davlatlar talabalari o‘rtasida kibersport bo‘yicha xalqaro turning final bosqichiga start berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Chempionat ShHTga aʼzo davlatlar talabalari o‘rtasida CS: GO va DOTA2 yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Tadbir O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Kibersport assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan.

Joriy yil may  oyi boshida mamlakatimizda «SCO Students Cup: Uzbekistan Qualification»  kvalifikatsion turniri o‘tkazilgan edi. 

Tashkilotchilarga ko‘ra, turning umumiy jamg‘armasi 200 million so‘mni tashkil qiladi. Musobaqa g‘olibi 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohibi 30 million so‘m, uchinchi  va to‘rtinchi o‘rin egalari 10 million so‘m bilan taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2001 yilda tashkil etilgan ShHTga Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston  aʼzo hisoblanadi.

Ayni paytda Eron tashkilotga to‘liq aʼzo bo‘lishga tayyorlanmoqda. Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston tashkilotda kuzatuvchi davlatlar maqomiga ega.

Ozarbayjon, Armaniston, Misr, Kambodja, Qatar, Nepal, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Shiri-Lanka muloqot hamkorlari hisoblanadi.

2021-2022 yillarda O‘zbekiston ShHTga raislik qilmoqda. Tashkilotning navbatdagi sammiti joriy yil sentyabr oyida kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida 80 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan.