Vladimir Norov: O‘zbekiston xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda
Toshkentda ish boshlagan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarga alohida to‘xtaldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
-O‘zbekiston raisligi madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro anglashuv, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlash mexanizmi sifatida xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda, - dedi jumladan tashqi ishlar vaziri. - Bugungi forum bilan bir qatorda O‘zbekiston raisligi doirasida tashkilot makonida madaniyatlararo aloqalarni kengaytirishga da’vat etilgan sayyohlik forumi, Yoshlar kengashi yig‘ilishi, «aqlli shaharlar» forumi, yoshlar o‘rtasida «start-ap» loyihalari tanlovi, xotin-qizlar forumi va sport musobaqalari singari tadbirlar rejalashtilgan.
Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot mustahkamlanishida nohukumat muassasalari, do‘stlik jamiyatlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga muhim ahamiyat qaratilmoqda.