ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

O‘zbekistonlik sportchi Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan ShHT marafonida g‘olib chiqdi

O‘zbekistonlik sportchi Shohrux Davlatov ShHTning Run the Silk road — Shanghai Cooperation Organization Issiqko‘l marafoni g‘olibi bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “24.kg” axborot agentligi maʼlumotiga tayanib.

Agentlik xabariga ko‘ra, musobaqalar Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan. Marafon ishtirokchilari to‘rt turdagi masofa bo‘yicha o‘zaro musobaqalashgan: 42 km, 21 km, 10 km va 3 km.

O‘zbekistonlik sportchi Shohrux Davlatov erkaklar o‘rtasida 42 kilometr masofaga 2 soat 28 daqiqa 1 soniya vaqt sarflab, finishga birinchi bo‘lib yetib kelgan. Ikkinchi o‘rin qirg‘izistonlik Ilya Tyapkinga, uchinchi o‘rin esa Berdigul Aytbay uuluga nasib qilgan.

Xotin-qizlar o‘rtasida Yekaterina Tunguskova birinchi, Galina Yakusheva ikkinchi, Yuliya Fernas uchinchi o‘rinni egalladi.

Xalqaro marafonning mukofot jamg‘armasi 1 million 534 ming somni (taxminan 18,5 ming AQSH dollari) tashkil etdi. Ularni 42 km va 21 km masofalarda g‘olib va sovrindor blgan sportchilar qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Toshkentda SHHT shafeligida O‘zbekistonning tashkilotga raisligiga bag‘ishlangan ilk xalqaro yarim marafon bo‘lib o‘tgan edi.