ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Toshkentda O‘zbekiston raisligida ShHTga aʼzo davlatlarning turizm maʼmuriyatlari rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun Toshkentda O‘zbekiston raisligida ShHTga aʼzo davlatlarning turizm maʼmuriyatlari rahbarlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yig‘ilishda O‘zbekiston  Bosh  vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Hindiston turizm vaziri o‘rinbosari Rakesh Kumar Verma, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Azamat Jamanqulov, Rossiya turizm federal agentligi  rahbari Zarina Doguzova, Pokiston hududlararo muvofiqlashtirish bo‘yicha federal vaziri Ehsan ur Rahmon Mozori, Tojikiston turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Tojiddin Jo‘razoda, shuningdek, turizmni rivojlantirish va madaniy merosni avaylab asrash bo‘yicha xalqaro ekspertlar, turli vazirliklar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriy  mehmonlar ishtirok etdilar.

ShHT Bosh kotibi Chjan Min tadbirda onlayn formatda maʼruza bilan qatnashdi.  

Pandemiyadan keyingi davrda hamkorlik qilish, turizm sohasini tiklash va yana-da rivojlantirish, ShHTning yagona turizm brendini shakllantirish va uni ilgari surish, yangi jozibador yo‘nalishlarni yaratish va mavjud yo‘nalishlarni xavfsiz turizm nuqtai nazaridan optimallashtirish masalalari, turizm sohasida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov o‘zining tabrik nutqida quyidagilarni  taʼkidladi.

-Yil sayin rivojlanib borayotgan sayyohlik industriyasini davlatlar milliy iqtisodiyotning muhim segmenti va davlat raqobatbardoshligini oshirishning strategik rag‘bati sifatida baholamoqda, - dedi u. - Mamlakat rahbarining faol va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli O‘zbekiston turizm bozori xalqaro sayyohlarni qabul qilish uchun o‘z eshiklarini keng ochdi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga vizasiz kirib chiquvchi davlatlar soni 9 tadan 92 taga ko‘paydi. ShHT davlatlari bilan turizm aloqalarini yana-da rivojlantirish biz uchun ustuvor yo‘nalishdir. Sayyoramiz jami aholisining 44 foizini qamrab olgan ShHT hududi salohiyati to‘liq ishga solinmagan ulkan turizm bozoridir. Misol tariqasida 2019 yilda SHHT davlatlaridan 250 millionga yaqin sayyoh xorijda dam olish uchun ketganini keltirish mumkin. (Hindiston 27 million, Xitoy 155 million, O‘zbekiston 1,7 million, Qozog‘iston 206 ming, Tojikiston 31 ming, Rossiya 20 million). Biz barcha kuchlarni birlashtirib, bu oqimni, birinchi navbatda, «ShHTning ichki turizmi”ni rivojlantirishga yo‘naltirishimiz kerak.

Chjan Min, ShHT Bosh kotibi:

 - Bugungi kunda SHHT oldida turizm sohasidagi  hamkorlikni  sifat jihatidan yangi, yuqori bosqichga ko‘tarish vazifasi turibdi. Buning uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, ShHT doirasida  ko‘p qirrali  sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha ShHT davlatlari rahbarlari tomonidan belgilangan kelishuv va vazifalarni amalga oshirish uchun idoralararo doimiy va bevosita aloqalar muhim. Bundan tashqari, turizm iqtisodiy manfaat, do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik, innovatsiyalar va farovonlikning asosiy dirijyorlari bo‘lgani holda mintaqalararo hamkorlikning, jumladan, islohotlar va o‘zgarishlarni amalga oshirishning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda.

Uchrashuvda turizm maʼmuriyatlari rahbarlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar hukumatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini maʼqulladilar. Hujjat Samarqand shahrida  bo‘lajak ShHTga aʼzo Davlatlar rahbarlari kengashining sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, ertaga «ShHT mamlakatlari hamkorligining yangi bosqichi: turizm va madaniy meros» xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.