ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Toshkent SHHT Xalq diplomatiyasi forumiga hozirlik ko‘rilmoqda

Shu yil 11-12 may kunlari Toshkentda «Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot sari o‘zaro  hamjihatlik» shiori ostida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida rejalashtirilgan 80 ortiq tadbirlar doirasida  o‘tkaziladi.

Forumda SHHT mamlakatlari parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, NNT, shuningdek, ilmiy-tahlil markazlarining 120 dan ortiq vakili qatnashishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva, Umumxitoy xalq vakillari yig‘ini Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik qo‘mitasi raisi Shen Yueyue va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov forum ishtirokchilarini qutlashi kutilmoqda.

Tadbir  davomida «Xalqaro hamkorlikda xalq diplomatiyasining o‘rni» va «Xalq diplomatiyasi – zamonaviy davlatlararo aloqaning muhim qirrasi: SHHTga a’zo davlatlar tajribasi» mavzularida ikki yalpi majlis o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar SHHT oilasi mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan samarali foydalanish yo‘llarini muhokama qiladilar.

Forum yakunlari bo‘yicha SHHT Xalq diplomatiyasining Toshkent kommyunikesi qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.