O‘zbekiston TIV rahbari ShHT Bosh kotibi bilan uchrashdi
2022 yil 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan SHHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning SHHTga raisligidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston raisligida Tashkilotning shu kungacha 40 dan ortiq tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdi hamda joriy yilning may-sentyabr oylariga mo‘ljallangan yuqori darajadagi uchrashuvlarning tashkiliy masalalari va kun tartibini muhokama qildilar.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston tashabbusi bilan ShHT doirasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular Tashkilot kun tartibini zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Xususan, SHHTga aʼzo davlatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha ilk bor vazirlar yig‘ilishlari tashkillashtirildi. 17 may kuni esa Toshkent shahrida o‘simliklar karantini bo‘yicha masʼul idoralar rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
ShHT Bosh kotibi asosiy voqea – 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHTga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, mamlakatimiz tomonidan Samarqand sammitini mazmunan boyitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholadi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar bo‘lajak sammit doirasida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlarni kelishish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha faol saʼy-harakatlarni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.
ShHT faoliyatini yana-da rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat ham ko‘rib chiqildi.