O‘zbekiston hamkorlarni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda ishlashga chaqirdi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining 12-majlisida giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish taklifi bildirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev quyidagilarni alohida taʼkidladi:
«Rivojlanayotgan giyohvanlik moddalarining aylanishi holatini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, Afg‘onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarishning barqaror o‘sishi natijasida ushbu mamlakatdan mintaqa davlatlariga keng ko‘lamli giyohvand moddalar kontrabandasining xavfi ortib bormoqda.
Markaziy Osiyoda geroin bilan bog‘liq jinoiy harakatlarning oldini olish sezilarli darajada oshdi. Bu esa 2021 yilda giyohvand moddalar savdosi ko‘payganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Afg‘oniston afyun ishlab chiqarishda yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda».
Markaz direktori taʼkidlaganidek, mamlakatda va Markaziy Osiyo mintaqasida giyohvandlik holatining rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqda. U shuningdek, majlis ishtirokchilarini xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z vaqtida va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqirdi.