ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston tomoni raisligida Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Hindiston davlat madaniyat vaziri arjun Ram Megval, Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Dauren Abayev, Xitoy madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Jao Syuan, Qirg‘iziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Azamat Jamankulov, Pokiston federal taʼlim, kasb-hunar taʼlimi, milliy meros va madaniyat vazirligining qo‘shma kotibi Axmed Sajjad, Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova, Tojikiston madaniyat vaziri Zulfiya Davlatzoda, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va ShHT Bosh kotibi Chjan Min (onlayn) ishtirok etdilar.

Tomonlar o‘tgan davr mobaynida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar, tashkilotga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining o‘tgan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

- Bugungi kunda ShHT turli tarixiy, madaniy va milliy anʼanalarga mansub davlatlar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunasidir,- dedi O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozobdek Nazarbekov o‘z tabrik nutqida.- Madaniyat va sanʼat sohasida SHHTning qo‘shma tadbirlarini o‘tkazish xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlash, madaniyatlar xilma-xilligini saqlash va dunyo xalqlarining madaniyati va anʼanalari to‘g‘risida bilimlar tarqatishga xizmat qiladi.

O‘zaro aloqalar anʼanaviy ravishda ikki tomonlama hamkorlik shaklida amalga oshiriladi. Uning maqsadi madaniyat sohasida almashuvni faollashtirish, o‘ziga xos va noyob milliy madaniyatlarni, mamlakatlarimiz madaniyati va sanʼati sohasidagi muvaffaqiyatlarni keng namoyish etish uchun imkoniyatlar yaratishdan iiborat.

 SHHT Bosh kotibi Chjan Min yig‘ilish ishtirokchilariga yo‘llagan videotabrigida madaniy aloqalarning nechog‘li muhim ekanligini qayd etdi.

- SHHTning madaniy aloqalari o‘zaro hamkorlik mexanizmi kafolati vazifasini o‘taydigan madaniyat va sanʼat festivallarini o‘tkazish orqali doimiy ravishda kengayib bormoqda,- dedi ShHT Bosh kotibi. - Ular arxivlar, kutubxonalar, muzeylar, madaniy yodgorliklarni himoya qilish, etnik hunarmandchilik, nomoddiy madaniy meros va boshqa sohalarga tegishli. Hamkorlik mazmuni tobora kengayib, keng ommani qamrab olmoqda. Ayniqsa, pandemiyadan keyingi aloqalar sharoitida gumanistik hamkorlik o‘zaro tushunishni mustahkamlash va odamlar o‘rtasidagi masofalarni qisqatirishda muhim rol o‘ynadi. Bizning amaliy harakatlarimiz qatʼiyat bilan oldinga intilishimiz kerakligini ko‘rsatmoqda. Bu ShHT makonining yana-da taraqqiy etishi uchun muhim kuch manbai hisoblanadi. ShHT o‘zining uchinchi o‘n yilligiga qadam qo‘yayotgan davrda o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat, tenglik, o‘zaro maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish va hamkorlikda rivojlanish istagi bo‘lgan «Shanxay ruhi» tamoyillaridan kelib chiqqan holda ShHT mintaqasida madaniyatlar nuri yana-da yorqinroq bo‘lib, barcha mamlakatlar madaniyatlar integratsiyasida yangi rivojlanishga erishilishiga umid bildiraman.

Uchrashuv doirasida tomonlar ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasida O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan taqdim etilgan Muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum loyihasini maʼqulladilar va SHHT Kotibiyatiga 2022 yilda O‘zbekistonning tashkilotga raisligi doirasida ushbu hujjatni imzolash masalasini belgilangan tartibda hal qilish uchun SHHTga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashiga taqdim etish bo‘yicha murojaat yo‘lladilar.  

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ShHTga aʼzo davlatlar Madaniyat vazirlarining 20-uchrashuvini 2023 yilda Hindistonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.