ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

O‘zbekiston Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov: Barcha aʼzo davlatlar rahbarlari ShHTning bo‘lajak sammiti ishida ishtirok etishini tasdiqladilar

 Bugun TIVda bo‘lib o‘tgan brifingda jurnalistlar savollariga javob berar ekan, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ShHTga aʼzo barcha davlat rahbarlari bo‘lajak Davlat rahbarlari kengashining Samarqand sammiti ishida ishtirok etishini tasdiqlaganini taʼkidladi.

“Shuningdek, ShHT huzuridagi kuzatuvchi-davlatlar – Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston rahbarlarining ishtirok etishi tasdiqlandi, - dedi Rahmatulla Nurimbetov. – Tashkilot sammitlarga raislik qilayotgan davlat mehmonlarini taklif etish amaliyotini ishlab chiqqan. Shulardan kelib chiqib, ShHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan majlisi ko‘lamini inobatga olgan holda sammitda O‘zbekiston tomonidan mehmon sifatida taklif etilgan qator davlatlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida, masalan, Turkiya va Turkmaniston Prezidentlari bor. Sammitda O‘zbekiston va ShHTga aʼzo boshqa davlatlarning yaqin hamkori bo‘lgan qator mamlakatlar ham ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda.

 Samarqand sammitiga taklif etilgan mehmonlar doirasi ayni paytda tashkilotga aʼzo boshqa davlatlar bilan birgalikda ichki tartib-qoidalar asosida o‘rganilmoqda.

 Bundan tashqari, sammitda ShHT rasmiy aloqalarni o‘rnatgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, BMT, ESKATO, YUNESKO, MDH, KXSHT, YEOII, OHICHK, IHT hamda Arab davlatlari ligasi rahbarlari ishtirok etish istagini bildirgan.

 Umuman olganda, sammitda 15 ga yaqin davlat va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga Suriya Prezidentini taklif qilish masalasi ko‘tarilmaganini alohida qayd etmoqchiman. Ayrim xorijiy axborot resurslari tomonidan tarqatilayotgan ushbu mavzudagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”.