O‘zbekiston TIV rahbari “ShHT: o‘tmish, bugun, kelajak” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bugun videokonferensaloqa shaklida ShHT Xartiyasi qabul qilinganining 20 yilligi bag‘ishlangan va Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 15 yilligi munosabati bilan “SHHT: o‘tmish, bugun, kelajak” mavzusida tashkillashtirilgan davra suhbatida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda, shuningdek, tashkilotga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori Rustam Mirzayev, Pekindagi diplomatik missiyalar rahbarlari, yetakchi ilmiy-tahliliy muassasalar rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Vladimir Norov o‘z nutqida ShHT Nizomi unda mujassamlangan “Shanxay ruhi” tufayli vaqt sinovidan o‘tib, o‘zining birlashtiruvchi kuchini namoyon etganini qayd etdi.
Hujjatda har bir davlatning tarixiy tajriba va milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanish yo‘lini o‘zi tanlash huquqi tasdiqlangani, bir-birini rivojlantirish va to‘ldirish uchun o‘zaro manfaatdorlik meʼyori mustahkamlangani alohida taʼkidlandi.
Nizomda mustahkamlangan konsensus asosida qarorlar qabul qilish modeli Tashkilotning barcha aʼzolarining mutlaq tengligidan dalolat berishi taʼkidlandi.
Tadbir ishtirokchilariga tashkilotga raislik doirasida O‘zbekiston tomonidan Nizomda belgilangan maqsad va tamoyillarni ilgari surish, ShHT faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, xalqaro maydonda tashkilot nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.