O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasidagi tashabbuslari Hindiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda
Hindistonning «Political Events» va «Political & Defence Weekly» tahliliy jurnallarida «O‘zbekiston – SHHT: ko‘p tarmoqli hamkorlikning yangi qirralari» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida pragmatik va faol tashqi siyosatni amalga oshirayotgan O‘zbekistonning so‘nggi yillarda nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda nufuzi va roli yuksalayotgani, mamlakatning xalqaro jarayonlarga ijobiy taʼsiri ortib borayotgani qayd etilgan.
O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yangi tashqi siyosat strategiyasi SHHT faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tashkilot doirasida Toshkent xalqaro maydonda ko‘plab dolzarb tashabbus va takliflarni ilgari surmoqda. Bu esa mamlakat imiji yuksalishiga xizmat qilmoqda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos kelmoqda, mavjud kun tartibini boyitishga faol hissa qo‘shmoqda, deyiladi maqolada.
Hind nashrlari O‘zbekiston tashqi siyosatining boshqa ko‘p tomonlama diplomatik platformalarda aks etayotgan pragmatizmi Toshkentning SHHTdagi ishtirokiga ham daxldorligini alohida qayd etgan. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar milliy manfaatlar va mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida ifodalaydi, mintaqani barqaror rivojlantirishga qaratilgan asosiy vazifalarga to‘liq mos keladi. Shu sababli bu tashabbuslar tashkilotning barcha aʼzolari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
«O‘zbekiston so‘nggi paytlarda SHHTning ulkan salohiyatini transport, o‘zaro bog‘liqlik va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi muhim sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirish zarurligini ochiq aytmoqda», - deb yozadi jurnallar.
Materiallarda qayd etilganidek, O‘zbekistonning ushbu tashkilotga raisligi o‘zbek diplomatiyasi zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydigan jiddiy siyosiy jarayon hisoblanadi. Shu bilan birga, raislik O‘zbekistonga nafaqat tashkilot doirasida o‘sish strategiyasini davom ettirish, balki uni aniq natijalar beradigan yangi va muhim qirralar bilan boyitish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonning SHHTga raisligining asosiy yakunlari sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi. Ushbu voqea, shubhasiz, yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi, tashkilotning keyingi taraqqiyotida muhim bosqich sifatida tarixga kiradi, deb yozadi «Political Events» va «Political & Defence Weekly».