ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

TIVda ShHTning Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

 Bugun TIVda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bo‘yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov tashkilotning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitiga so‘nggi tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi.

Rahmatulla Nurimbetov o‘z nutqida O‘zbekiston raisligi yakuniy bosqichga kirayotganini taʼkidladi.

– Mamlakatimizning ShHTga raisligi rejasida nazarda tutilgan deyarli barcha (80 dan ortiq, jumladan, 20 dan ortiq asosiy chora-tadbirlar) tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, – dedi u. -Ushbu tadbirlarda ShHT kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar – ko‘p tomonlama muloqotni, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash, shuningdek, tashkilotning xalqaro maydondagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu platformalarning barchasi dolzarb kun tartibiga boy bo‘lgani, ularda muhim kelishuvlar tuzilgani, kelgusidagi qo‘shma rejalar kelishilganligi, bu ShHTga aʼzo davlatlar iqtisodiyotining pandemiyadan keyingi tiklanishi sharoitida ayniqsa muhim ekanligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, yaqinda Toshkent shahrida ichki ishlar va mudofaa vazirlarining yig‘ilishlari, shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlar xavfsizlik kotiblarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ularda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, “uch yovuz kuch” - terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Brifing ishtirokchilariga O‘zbekiston raisligida ShHT faoliyatining sanoat va texnologik hamkorligiga, AKT, raqamli transformatsiya, mintaqalararo savdo va transport aloqalarini rivojlantirish kabi istiqbolli yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratilayotgani maʼlum qilindi.

– Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligimizning eng yuqori cho‘qqisi, shubhasiz, 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi bo‘ladi, -dedi Rahmatulla Nurimbetov. - Unga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichda. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Samarqand shahriga tashrif buyurib, ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni, jumladan, amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari va obyektlari bilan shaxsan tanishdi.

 

Telegram uchun: TIVda ShHTning Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekiston Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov: 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining 22-yig‘ilishiga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichda