Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining yig‘ilishi boshlandi
Bugun poytaxtimizdagi Forumlar saroyida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar energetika vazirlarining navbatdagi yig‘ilishi boshlandi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning ShHTga raisligi doirasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya va Tojikistonning tegishli vazirlari ishtirok etmoqda.
Uchrashuvning ochilish marosimida ShHT Bosh kotibi Chjan Min ishtirokchilarga onlayn-tabrik yo‘lladi.
Energetika vazirliklari rahbarlari tashkilot uchun strategik yo‘nalishdagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qiladilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ShHTga aʼzo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorligi konsepsiyasi va ShHTga aʼzo davlatlarning qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi hamkorlik dasturi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, xususan, O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan SHHTga aʼzo davlatlarning energetika sohasidagi konseptual hujjatlarini tasdiqlash kutilmoqda.