O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasidagi tashabbuslari Germaniya OAV diqqat markazida
Yaqinda Germaniyaning xalqaro munosabatlar masalalarini atroflicha yoritadigan “WeltTrends” jurnali sahifalarida taniqli siyosatshunos Xubert Tilike qalamiga mansub Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) Samarqandda bo‘lib o‘tajak sammitiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi.
Unda joriy yilda O‘zbekiston ShHTga raislik qilayotgani, 15 - 16 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan sammitda tashkilot oldida turgan muhim msasalalar muhokama qilinishi mo‘ljallanayotgani qayd etilgan.
Muallif O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norovning ShHTtarixan qisqa vaqt ichida dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotga aylangani va bugungi kunda global siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning ajralmas qismiga aylangani haqidagi fikrlarini qalamga olgan.
Maqolada O‘zbekiston va ShHT o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ham ochib berilgan. Germaniyalik ekspertning yozishicha, mamlakatimiz ShHTning oltita taʼsischi davlatidan biri sifatida tashkilotning asosiy tamoyillari va hujjatlarini, shuningdek, institutlarini ishlab chiqishga salmoqli hissa qo‘shgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-2021 yillarda ShHT sammitlarida 50 ga yaqin yirik tashabbuslarni ilgari surdi, ular ShHTning tegishli «yo‘l xaritalari», huquqiy, siyosiy va konseptual hujjatlari, shuningdek, yangi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarida o‘z ifodasini topgani o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan.
Bundan ko‘zlangan maqsad mintaqalararo savdo, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, “yashil” va raqamli iqtisodiyot sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikda tashkilot salohiyatini yana-da mustahkamlashdan iborat edi. «Shanxay ruhi» xalq diplomatiyasi, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, yangi madaniy-gumanitar tashabbuslar, jumladan, ShHT kun tartibidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va shakllari: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish, tashkilotning global nufuzini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali amalga oshirilmoqda.
Maqolada alohida taʼkidlanganidek, O‘zbekiston ShHTga raisligining asosiy voqeasi «Buyuk Ipak yo‘li durdonasi» deya eʼtirof etiladigan Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitdir. Muallifning yozishicha, so‘nggi paytlarda Samarqandning muhim xalqaro uchrashuvlar o‘tkaziladigan muhim joylardan biri bo‘lib qoldi.