Minskda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Belarusning Xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar jamiyatida “Belarus va Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘rtasida xalq diplomatiyasi shaklida hamkorlik qilish imkoniyatlari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur tadbirda Belarus Tashqi ishlar vazirligi, Milliy Assambleya Vakillar palatasi, YUNESKOning “Yosh diplomat” klublari, Belarus - Xitoy do‘stlik jamiyati, ShHTga aʼzo davlatlarning xorijiy diplomatlari ishtirok etdi.
Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligining asosiy ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishdilar.
Belarus joriy yilda tashkilotga raislik qilayotgan O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholaydi. Bu haqda Belarus Tashqi ishlar vazirligining Osiyo, Avstraliya va Okeaniya departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Senyuta maʼlum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi nafaqat 2001 yilda tashkilot tashkil yetilishining boshida turdi, balki uning rivojlanishi va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi juda ko‘p marotabalab salmoqli hissa qo‘shdi. ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ham buning ko‘pgina dalillaridan biridir. O‘zbekiston ShHT xalq diplomatiyasi shakllanishi va rivojlanishining tashabbuskori hisoblanadi”, - dedi diplomat.
Shuningdek, u 2019 yil yanvar oyida Toshkentda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi ochilgani, uning tashkil etilishi tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2017 yilda Ostonada bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ilgari surilganiga eʼtibor qaratdi. Markazning asosiy vazifasi - ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishdan iborat.
“Xitoy o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashayotgani barobarida Shanxay hamkorlik tashkilotida o‘zaro manfaatli tashabbuslarni faollik bilan amalga oshirmoqda, - dedi Xitoyning Belarusdagi elchisi Se Syaoyun. - Joriy yil may oyida Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tdi. Tashkilot mamlakatlarining nohukumat tashkilotlari vakillari yakdillik bilan “Toshkent tashabbusi”ni qabul qilishgani holda ushbu forum o‘zaro ishonch va do‘stona yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash uchun muhim ko‘p tomonlama minbar hisoblanishini qayd etishdi.
Davra suhbatida Shanxay hamkorlik tashkilotining zamonaviy sharoitdagi faoliyati bilan bog‘liq boshqa mavzular ham atroflicha muhokama etildi.
Ushbu tadbir Belarus ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.