Pokistonda O‘zbekistonning ShHTga raisligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston elchixonasida Pokiston va xalqaro aloqalar markazi (Center of Pakistan and International Relations - COPAIR) hamda «Pakistan in the World» jurnali bilan hamkorlikda mamlakatimizning ShHTdagi raisligiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
COPAIR prezidenti Amna Munavvar Avan O‘zbekiston rahbariyatini SHHTga raisligi va uning doirasida qator muhim tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani bilan qutladi hamda ShHTning Samarqandda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan sammitiga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, Amna Munavvar Avan tadbir ishtirokchilarini Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan qutlab, so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik qardoshlik munosabatlari darajasiga ko‘tarilgani va strategik xarakterga ega ekanini taʼkidladi.
COPAIR rahbari Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonga so‘nggi safarini iliq xotirladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, iqtisodiyotni rivojlantirish, xususan, xorijiy davlatlar bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni sezilarli darajada oshirish, xalqaro imijni yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlarni alohida qayd etdi. Shuningdek, u gender tenglikni taʼminlash, jamiyatda xotin-qizlarning rolini oshirish, O‘zbekistonda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha tadbirlarni taʼkidladi.
Bundan tashqari, Amna Munavvar Avan O‘zbekiston Prezidentining faoliyati, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy-iqtisodiy aloqalarni tiklash borasidagi tashabbuslari keng jamoatchilik vakillarini ruhlantirayotganini bildirdi. Uning aytishicha, COPAIR Pokiston jamoatchiligini O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirishga munosib hissa qo‘shishga tayyor.
«Pakistan in the World» jurnali bosh muharriri Tazin Axtar ShHTning bo‘lajak sammiti muhim siyosiy voqea ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u Samarqand Sharq sivilizatsiyasining yorqin o‘choqlaridan biri, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari umumiy tarixining noyob merosi ekanini alohida qayd etdi. Shuning uchun pokistonliklar Samarqand, Buxoro, Xivani ziyorat qilishga, ota-bobolari merosidan maʼnaviy quvvat olishga intiladi. «Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik tarixiy va madaniy aloqalarni tiklash, gumanitar va taʼlim almashinuvlarini qayta tiklash, savdo yo‘llarini tiklash va iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishdan boshlanadi», - dedi Tazin Axtar.
«Pakistan in the World» jurnali bosh muharriri O‘zbekistonning ShHTga raisligi haqida gapirar ekan, mamlakatimizning tashkilotga avvalgi raisligi institutsional rivojlanish va uning aʼzoligini kengaytirish nuqtai nazaridan juda samarali bo‘lganini taʼkidladi. Xususan, 2016 yilda Toshkentda Pokiston va Hindistonning ShHTga to‘laqonli aʼzo bo‘lib kirishi uchun asos qo‘yildi. Tazin Axtar ushbu anʼana davom ettirilishiga va bo‘lajak Samarqand sammiti ham tashkilot tarixiga alohida sahifa bo‘lib bitilishiga ishonch bildirdi.
ShHT O‘zbekiston va Pokiston uchun muhim ahamiyatga ega ekani, jumladan, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini amalga oshirish salohiyati mustahkamlanishi taʼkidlandi. Bu esa hududlarimizda infratuzilma tashabbuslarini amalga oshirish jarayoniga qo‘shimcha moliyaviy resurslar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish imkonini beradi.
Tadbir siyosiy, jamoat va ishbilarmon doiralarda katta qiziqish uyg‘otib, mahalliy ommaviy axborot vositalarida ingliz va urdu tillarida keng yoritildi. Xususan, ushbu davra suhbati haqida 20 dan ortiq maqola va xabar bosma hamda elektron nashrlarda eʼlon qilindi.