ShHT sammiti arafasida XV xalqaro “off road” festivali hamda “avtosayohat” loyihasi amalga oshiriladi
Joriy yil 10-20 avgust kunlari “ShHTga aʼzo davlatlar poytaxtidan Samarqand shahriga harakatlanuvchi avtosayohat” loyihasi hamda XV xalqaro “off road” festivali o‘tkaziladi .
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatda taʼkidlanishicha, XV xalqaro “offroad” festivali joriy yilning 11-14 avgust kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Amirsoy dam olish oromgohida bo‘lib o‘tadi. Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Pokatushki klub Uzbekistan” klubi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Festival kunlari davomida mamlakatimizning sayyohlik maskanlariga (ziyoratgoh, muzey va boshqa joylar) kirish chiptalari bepul amalga oshiriladi va festival ishtirokchilari uchun Samarqand bo‘ylab sayohat tashkil etiladi.
Bundan tashqari, festival doirasida turli madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Festival dasturiga muvofiq, respublika bo‘ylab avtosayohat loyihasi ham amalga oshirilishi taʼkidlangan. Shuning munosabati bilan festivalda SHHTga aʼzo davlatlardan havaskor avtosayyohlarning ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.