ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Xitoy ommaviy axborot vositalari ShHT makonida giyohvandlikka qarshi ko‘p tomonlama hamkorlik to‘g‘risida

Xitoyning «Jenmin Jibao» gezetasining internetdagi sahifasida «Toshkentda ShHT makonida giyohvandlikka qarshi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.

 Materialda O‘zbekiston raisligida Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining 12-majlisi bo‘lib o‘tgani ma’lum qilingan.
Yig‘ilishda giyohvandlikka qarshi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. «Giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq davlatlardagi vaziyat, ularning noqonuniy tranziti kanallarini aniqlash va bartaraf etish usullari, shuningdek, milliy darajada giyohvandlikka bo‘lgan talabni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora - tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot almashildi», - deyiladi maqolada.
Nashr uchrashuv chog‘ida ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashilgani ta’kidlangan.
Bundan tashqari, majlisda ShHTning 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan giyohvandlikka qarshi kurashish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakat dasturining bandlarini amalga oshirish bo‘yicha ish rejasini hayotga tadbiq etish va giyohvandlikka qarshi kurashda ShHTning asosiy hujjatlari doirasida samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.