Bilaval Bxutto-Zardariy: ShHT mintaqasi farovonligiga, butun dunyoda tinchlik va barqarorlikka erishish uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz lozim
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi arafasida Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto-Zardariy “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.
- Hurmatli vazir janoblari, Sizning fikringizcha mintaqa va jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar hisobga olingan holda zamonaviy bosqichda ShHT oldida qanday xavf-xatarlar va vazifalar turibdi?
- Global geosiyosiy vaziyat murakkab va chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, bu mintaqaviy tinchlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. COVID-19 pandemiyasi savdo oqimlarining va ishlab chiqarishning qisqarishiga, ishsizlik va inflyatsiyaning o‘sishiga olib keldiki, bu ShHTga aʼzo davlatlarning rivojlanish dinamikasiga ham salbiy taʼsirini ko‘rsatdi.
Jamoaviy harakatlar va xiyla kuchli va barqaror xalqaro iqtisodiy tizimni yaratish zarurati bu inqirozdan olingan muhim saboq hisoblanadi. Biz tinchlik, barqarorlik va o‘sish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, shuning uchun ShHT mintaqasining gullab-yashnashi, dunyoda tinchlik va barqarorlikka erishish uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur, deb hisoblaymiz.
– Joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining bo‘lajak yig‘ilishidan nimalarni kutayapsiz?
– Samarqanddagi sammit ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari uchun dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar, shuningdek, tashkilot faoliyatining strategik yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Sammitda davlat rahbarlari tashkilotga aʼzo barcha mamlakatlarning o‘zaro manfaatdorligiga asoslangan ShHT doirasidagi hamkorlik yo‘nalishini belgilab beruvchi muhim hujjatlar to‘plamini imzolaydilar.
Pokiston ushbu hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha muhokama va muzokaralarda faol ishtirok etmoqda. Biz O‘zbekistonning ShHTga raisligini yuksak qadrlaymiz. Shaxsan men Samarqand sammitida qatnashishni intiqlik bilan kutmoqdaman.
– O‘zbekiston - Pokiston hamkorligining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi istiqbollari haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz...
– Pokiston O‘zbekiston bilan mustahkam tarixiy, madaniy, iqtisodiy va siyosiy aloqalarga ega. O‘zaro aloqalarimiz iliqlik va samimiylik bilan ajralib turadi va u mamlakatlarimiz rahbarlarining oliy darajadagi tez-tez o‘zaro fikr almashishlari natijasida yana-da mustahkamlanmoqda. Biz mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik borasida mushtarak qarashlarga egamiz. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ikki tomonlama asosda, shuningdek, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi platformasi doirasida hamkorlik qilayapmiz.
Bizlarda savdo, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, transport va o‘zaro bog‘liqlik kabi mushtarak manfaat kasb etadigan sohalarni qamrab olgan ikki tomonlama o‘suvchan hamkorlikning kun tartibi ham mavjuddir.