Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining yigʻilishi yakunlandi
2022-yilning 14-17-iyun kunlari Toshkent shahrida ShHTga aʼzo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yig‘ilish kun tartibining markazida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi, Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlar) kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashi hamda joriy yilda bo‘lib o‘tadigan sohaviy vazirlik va idoralar rahbarlari yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘ldi.
Joriy yilning sentabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan ShHT Davlat rahbarlari sammiti yig‘ilishida taqdim etilishi kutilayotgan hujjatlar loyihalarini muvofiqlashtirish davom ettirildi.
Boshqa xalqaro va mintaqaviy birlashmalar bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, bir qator davlatlarning ShHTning kuzatuvchi-davlati yoki muloqot bo‘yicha sherik maqomini olishga doir arizalari muhokama qilindi.
ShHTning joriy faoliyatiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
2022-yil 17-iyun kuni milliy koordinatorlar Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etilgan ShHT Xartiyasi imzolanganining 20 yilligiga bag‘ishlangan “ShHT: Markaziy Osiyodan Yevroosiyogacha” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdilar.