ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

27 may kuni Toshkent shahrida ShHTga aʼzo davlatlar atrof-muhit vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) raisligi doirasida 27 may kuni Toshkent shahrida tashkilotga aʼzo davlatlar atrof-muhit masalalari bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi gibrid formatda bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida ShHTga aʼzo sakkiz davlat delegatsiyalari va ekspertlari zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar.

Bo‘lajak uchrashuvda atrof-muhit monitoringi, bioxilma-xillik, tabiiy hududlarni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini yumshatish, ilmiy-texnik hamkorlik, qattiq chiqindilarni boshqarish va kadrlar salohiyatini oshirish kabi dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashiladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ekologik axborot almashish bo‘yicha ShHTning yagona platformasini birgalikda yaratish dasturi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ShHTga aʼzo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi 2019  yil 2 sentyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan edi.

ShHTGa aʼzo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi esa  2021 yil  29 iyulda Dushanbe shahrida tashkil etilgan.