O‘zbekistonning 2022 yilda SHHTga raisligi Belarus matbuoti nigohida
Belarus matbuot uyida O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda davlat organlari va Belarusda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Belarus ommaviy axborot vositalari, jumladan, MDH telekanallari va internet tarmog‘ida keng yoritildi.
Xususan, BELTA davlat axborot agentligi SHHTga raislik qilayotgan O‘zbekiston ushbu tashkilot sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmayotganini taʼkidlagan. Tadbirni o‘tkazish uchun ko‘hna Samarqand shahri tanlangan.
“Ushbu keng ko‘lamli forumga ko‘plab ishtirokchilarini qabul qilish uchun shaharda tegishli infratuzilma yaratish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda, maxsus obyektlar, xususan, 135 gektar maydonda xalqaro sayyohlik markazi qurilmoqda. O‘zbekiston elchixonasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, forumning asosiy tadbirlari ushbu maskanda o‘tkaziladi va delegatsiyalarni qabul qilish uchun mehmonxonalar bunyod etilmoqda”, - deb yozadi agentlik.
Agentlik O‘zbekiston elchixonasi maslahatchisi Rahmatulla Nazarovning “sammit yirik siyosiy va diplomatiya forumiga aylanishi barobarida, tashkilotning kelgusi evolyutsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi. O‘zbekiston olib borayotgan faol va ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat bo‘lajak sammit doirasida muhim qaror va hujjatlar qabul qilish uchun mustahkam zamin yaratadi”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.