ShHT davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblari Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari O‘zbekiston raisligida o‘tayotgan navbatdagi yirik tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Bugun, 19 avgust kuni kotiblar poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, istiqlolimizning 30 yilligi munosabati bilan barpo etilgan ushbu majmuadagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydilar.
Ularga majmuada aks ettirilgan tarixiy voqealar mazmuni haqida so‘zlab berildi. Yuqori martabali mehmonlar davlatchilik tarixi, yigirmanchi asrda mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilingan davrlar, shuningdek, birinchi va ikkinchi Renessans to‘g‘risida bilib olishdi.
Betakror yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingani ta’kidlandi. Ushbu monument timsolida tarix, bugun va kelajak namoyon bo‘lishi e’tirof etildi.
ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholashdi.
Ayni paytda Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 17-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.