Farg‘onada O‘zbekiston raisligida ShHT MKKning navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi
Bugun Farg‘ona shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashi (SHHT MKK)ning navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, gibrid shaklda o‘tayotgan tadbirning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov ishtirok etdi.
Uchrashuvda ShHTga a’zo davlatlar vakillari Tashkilotning Davlat rahbarlari kengashi va boshqa nizom organlarining bo‘lajak majlislariga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Milliy koordinatorlar ishni tadbir kun tartibini tasdiqlash bilan boshlashdi. Tadbir davomida ShHTning Samarqanddagi Sammitida qabul qilinishi kutilayotgan hujjatlar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Milliy koordinatorlarni Farg‘onaning axborot texnologiyalari sohasidagi muvaffaqiyatlari va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishtirish ham rejalashtirilgan.
ShHT MKK yig‘ilishi 28 aprelga qadar davom etadi.