ShHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislari uchrashdi
O‘zbekiston Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi raisligida o‘tkazilgan o‘n yettinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Hindiston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlari Oliy sudlari raislari va sudyalari ishtirok etdi.
Shuningdek, majlisda kuzatuvchi mamlakatlar – Belarus, Eron davlatlari Oliy sudlari raislari va sudyalari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari S.Logvinov va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori o‘rinbosari A.Golovanov qatnashdi.
Do‘stona va ishchanlik muhitida, o‘zaro tushunish va ishonch ruhida o‘tgan yig‘ilishda tomonlar o‘zaro manfaatli odil sudlovning dolzarb masalalarini muhokama qilish barobarida sud organlarining huquqning turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorligi istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.
Anjumanda muqobil jazo turlarini tayinlash, jismoniy va yuridik shaxslarni bankrot deb topishga oid nizolarda ko‘rib chiqishda SHHTga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligini qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, kiberjinoyatchilikka oid ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari farzandlikka olishga doir ishlarni ko‘rib chiqish hamda sudlarda ishlarni yuritishda sun’iy intellekt va robotlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda Qozog‘iston va Rossiya delegatsiyalari a’zolari hamkasblariga ma’muriy yustitsiya va ma’muriy sudlov borasidagi tajribalarini taqdim etdi.
ShHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan maqsad hamda tamoyillariga tayangan holda kelgusida ShHTga a’zo davlatlar sud organlarining inson huquq va erkinliklari himoyasi, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasida hamkorlikdagi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida oliy sud organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, ishonch va do‘stlikka asoslangan aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini e’tirof etishdi.
Taraflar kelgusidagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida ShHT mintaqasida odil sudlovni takomillashtirish, barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiluvchi tajriba almashish, xalqaro anjumanlar, qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etish va o‘tkazishga alohida e’tibor qaratdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari milliy va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga asoslangan ShHTga a’zo davlatlar sud tizimlarini rivojlantirish maqsadida Oliy sudlar o‘rtasidagi mazmunli muloqotni kelgusida ham davom ettirish muhimligni qayd etdi.
ShHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining XVII yig‘ilishi konstruktiv muloqot va samarali hamkorlik muhitida o‘tdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha imzolangan bayonotga muvofiq, ShHTga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n sakkizinchi yig‘ilishi 2023 yilda Hindiston Respublikasida o‘tkaziladi.