ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

Erondan munosabat: Joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanishi barobarida tashkilotni yana-da rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi

«Iran Online» axborot agentligida «O‘zbekiston – SHHT: ko‘p tarmoqli hamkorlikning yangi qirralari» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 

Unda O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorligi alohida ahamiyatga egaligi qayd etilar ekan, bugungi kunda SHHT o‘z atrofiga sakkizta doimiy aʼzo davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot ekanligi taʼkidlangan.

«Eron Islom Respublikasi tez orada tashkilotning to‘laqonli aʼzosiga aylanishi kutilmoqda. Boshqacha aytganda, SHHT strategik muhim mintaqa bo‘lgan Yaqin Sharq uchun o‘z eshiklarni ochadi», deb yozadi nashr.

Maqolada ayni paytda O‘zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilayotgani ham maʼlum qilingan. «Mamlakatning raisligi nafaqat tashkilot doirasida o‘sish strategiyasini davom ettirishga, balki uni aniq natijalar beradigan yangi va muhim jihatlar bilan boyitishga imkon beradi. O‘zbekistonning ushbu tuzilmadagi ishtiroki har doim iqtisodiy hamkorlikka ustuvor eʼtibori bilan ajralib turadi», deb yozadi agentlik.

Bu boradagi tegishli tashabbuslardan biri SHHTga aʼzo davlatlar va xorijiy investorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradigan O‘zbekiston–SHHT industrial zonasini tashkil etilgani ham qalamga olingan bo‘lib joriy yilda rejalashtirilgan «Iqtisodiy forum», «Sanoat innovatsiyalari haftaligi», «SHHT mintaqalari kichik va o‘rta biznes forumi», «Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish forumi», «Turizm forumi» va «SHHT mintaqalari rahbarlari forumi» kabi  tadbirlar ana shu maqsadga xizmat qilishi alohida taʼkidlangan.

 Maqolada, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining taklifiga binoan SHHTda Afg‘oniston bo‘yicha birinchi oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tishi ham o‘quvchilar eʼtiboriga havola qilingan.

«O‘zbekistonning SHHTga raisligining asosiy natijalari sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi. U, shubhasiz, yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi, tashkilotni yana-da rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga kiradi», deb yozadi «Iran Online».