ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

O‘zbekiston va ShHT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan faol va pragmatik tashqi siyosat bugungi kunda mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida nufuzi va o‘rnini mustahkamlab, xalqaro jarayonlarga taʼsirini oshirmoqda, deb yozadi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov "Dunyo" axborot agentligiga yo'llagan maqolasida.

 

Bu borada xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlik, xususan, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatidagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. 

2021-2022-yillarda tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tishi keyingi 6 yilda amalga oshirilgan jadal va ochiq tashqi siyosatimiz mahsuli, mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.

O‘tgan yili SHHTning Dushanbe sammitida davlatimiz rahbari tashkilotga raislikning SHHT makonida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini yana-da chuqurlashtirish, o‘zaro transport-kommunikatsiya aloqalari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, madaniy-gumanitar sohada, sog‘liqni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mavjud salohiyatdan keng foydalanish singari eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston tomonidan SHHTga raislik davrida barcha  hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. 

Keng ko‘lamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Shubhasiz, Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yana-da kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga aʼzolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilayapti.

Bu o‘tgan yili Eronni to‘laqonli aʼzo sifatida qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ladi.

Bundan tashqari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari aʼzoligini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Sammitda SHHT va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir qabul qilishga tayyorlanayotgan muhim hujjat bu – Shanxay hamkorlik tashkiloti aʼzo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli rejadir.

Ushbu strategik ahamiyatga ega hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va SHHTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlarini jalb qilgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ayniqsa, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga karatilgan. Masalan, investitsiyalar, energetika, transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi, axborot va telekommunikatsiyalar, qishloq xo‘jjaligi, bojxona va boshqa sohalardagi sheriklikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha aniq tadbirlar va ularning bajarilishiga masʼul idoralar belgilangan.

Mazkur Shartnomani o‘z ahamiyatiga ko‘ra SHHT Xartiyasi bilan solishtirish mumkin. Agar Xartiya tashkilotning “ruhi”, uning kompasi bo‘lsa, Shartnoma SHHTning “vijdoni” va har bir aʼzo davlatning o‘z hissasini qo‘shish majburiyatidir.

Bu hujjat tashkilotga tanlangan yo‘lidan adashmaslik imkoniyatini beradigan “kompas”ning to‘g‘ri, ritmik va barqaror ishlashini taʼminlashga qaratilgan.

Xartiya va Shartnoma mohiyatidan SHHTning asosiy siyosiy va huquqiy rishtalari bo‘lib, uning falsafasi va qiyofasini uzoq muddatga, tashkilot mavjud bo‘lgan butun davrga belgilab beradi. 

Shartnomaning asosiy xususiyatlari, avvalambor, hujjatning har bir qoidasi barcha aʼzo davlatlarning milliy manfaatlariga, shuningdek, SHHTning keng hududida uzoq muddatli hamkorlikda rivojlantirish maqsadlariga javob beradi.

Milliy va umumiy manfaatlarning uyg‘unligi, ularning sinergiyasi Shartnomani barqaror qiladi, uning har bir ishtirokchisi manfaati uchun xizmat qiladi.

Demak, imzolashga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan  keng qamrovli reja va unda ko‘rsatilgan aniq tadbirlar SHHTga aʼzo barcha davlatlar va, birinchi navbatda, O‘zbekiston manfaatlariga xizmat kiladi.

SHHT – dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilot

SHHTga aʼzo davlatlarning umumiy maydoni 34 million km², yaʼni Yevroosiyo qitʼasining 60 foizini tashkil etadi. Aʼzo davlatlar nufusi 3 milliardga yaqin yoki yer yuzi aholisining qariyb yarmiga teng. SHHT mamlakatlari jahon iqtisodiyotining 20 foizini qoplaydi.

Eronning tashkilotga to‘laqonli aʼzo etib qabul qilinishi orqali SHHT strategik muhim mintaqa hisoblangan Yaqin Sharqqa eshik ochadi.

Tashkilot muvaffaqiyatining kaliti ko‘p qirrali hamkorlik va ochiqlik bilan bog‘liq ekani barchaga ayon. Shu bois ham tuzilma ochiq muloqot, mintaqalararo keng sheriklik uchun mos va qulay maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti asoschilaridan biri

O‘zbekiston SHHT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning kelgusi strategiyasini belgilashda doimo yetakchilar safida eʼtirof etiladi.

Biz SHHTga terrorizm, ekstremizm, separatizm, giyohvandlik, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklikni rivojlantirish vositasi sifatida qaraymiz.

Mamlakatimiz avval ham tashkilotga uch marta raislik qilganO‘zbekiston tashabbusi bilan 2004 yil Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi taʼsis etildi, Xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishlari formati joriy etildi, SHHTda kuzatuvchi maqomini berish mexanizmi ishga tushirildi.

2010 yil poytaxtimizda o‘tgan aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida tashkilotning Ish tartibi qoidalari va Yangi aʼzolarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining 2016 yildagi Toshkent sammitining asosiy natijalaridan biri SHHTga aʼzo davlat maqomini olish maqsadida Hindiston va Pokiston majburiyatlari to‘g‘risida memorandumlar imzolanishidir. Bu tashkilot salohiyatini ko‘tarishga va xalqaro maydondagi rolini yana-da oshirishga xizmat qildi.

2017 yildan respublikamiz SHHT doirasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish tashabbuskoriga aylandi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan besh yil mobaynida SHHT sammitlarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsiya va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini oshirishga doir 54 ta tashabbus ilgari surildi. Shulardan 37 tasi hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, qolgan 17 tasi amalga oshirilish jarayonida.

Dushanbe sammitida o‘zbek tomoni ilgari surgan bir qator tashabbuslar – SHHTning “Yashil kamar” dasturi, Xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rejasi, SHHT Iqtisodiy forumi konsepsiyasi, shuningdek, SHHTning Turizm va madaniy poytaxti to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston amalga oshayotgan tashabbuslar bo‘yicha SHHTda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. O‘tgan yillarda o‘zbek tomoni, asosan, xavfsizlik sohasida faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda umumiy salohiyatni iqtisodiyot, transport va logistika, innovatsion va raqamli rivojlanish, madaniy va xalq diplomatiyasi kabi yo‘nalishlar orqali ko‘tarish zarurligiga eʼtibor qaratmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan SHHT makonida amalga oshirilayotgan strategiya konstruktivlik, pragmatizm va tashabbuskorlik kabi muhim tamoyillarga asoslangan. 

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustunligi SHHT doirasida Toshkent ilgari surgan tashabbuslar, ayniqsa, hududni barqaror rivojlantirishga qaratilgan vazifalar haqida gap ketganda bu aʼzo mamlakatlar milliy manfaatiga ham to‘la javob berishida o‘z ifodasini topadi. Shu bois mazkur tashabbuslar SHHTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Samarqand sammiti oldidan mamlakatimiz raisligida olib borilgan ishlar Tashkilot faoliyatini aniq va samarali, yangi va salmoqli loyihalar bilan boyitdi. Demak, O‘zbekiston yana bir murakkab siyosiy sinovdan sharaf bilan o‘tdi, deb ayta olamiz.

O‘zbekistonning SHHTga raisligi 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi.

Ishonchimiz komilki, anjuman yirik siyosiy va diplomatik forumga aylanadi va tashkilotning keyingi evolyutsiyasi yo‘lidagi muhim qadam sifatida tarixga muhrlanadi.