Rahmatulla Nurimbetov: ShHT mamlakatlari rahbarlari Samarqandda tashkilotning yana-da rivojlanishi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim qarorlarni qabul qiladilar
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Samarqand sammitiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonning ShHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov bo‘lajak sammit kun tartibidagi asosiy masalalar haqida maʼlumot berdi.
- Hamkorlar bilan kelishilgan sammit kun tartibiga muvofiq “Sakkizlik” davlatlari yetakchilari zamonaviy davlatlararo munosabatlarni chuqur o‘zgartirish nuqtai nazaridan ShHT oldida turgan yangi muammolar va vazifalarni muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Sammit hujjatlariga to‘xtalar ekanman, ShHT davlatlari rahbarlari tashkilotning yana-da rivojlanishi uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qator muhim qarorlarni qabul qilishlarini taʼkidlashni istardim.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston raisligi doirasida o‘tkazilgan deyarli barcha vazirlik va ekspert yig‘ilishlari davlat rahbarlari sammitining asosli mazmuniga qaratilgan edi.
Natijada, bugungi kunda bizda 30 ga yaqin kelishilgan hujjatlar mavjud bo‘lib, ular ShHTga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan va tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishga mo‘ljallangan.
Biz Samarqand sammitiga taqdim etiladigan qo‘shimcha hujjatlar ro‘yxati ustida ishlashni davom ettirayapmiz.
Shubhasiz, sammitning asosiy yakuniy hujjati davlat rahbarlarining Samarqand deklaratsiyasi bo‘lib, unda ShHT mamlakatlarining mintaqaviy va global muammolarni hal etishga bo‘lgan umumiy yondashuvlari aks ettiriladi, tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi.
Sammitning boshqa muhim hujjatlari qatoriga Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha kompleks reja, O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali trasport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi, Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi va «ShHT yaxshi niyat elchisi» faxriy unvoni to‘g‘risidagi Nizom va boshqalar kiradi.
Albatta, davlat rahbarlari uchrashuvining muhim nuqtalaridan biri ShHTni kengaytirish masalalari bo‘ladi, unda sezilarli taraqqiyot bor. Xususan, bo‘lajak sammit doirasida Eronning ShHTga to‘liq aʼzo bo‘lishiga bevosita yo‘l ochadigan majburiyatlari to‘g‘risida Memorandum imzolanishi rejalashtirilgan. Uch mamlakat – Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. Bu ularning ShHTdagi ishtirokini belgilangan formatda qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlaydi.
Aʼzo davlatlar yetakchilari, shuningdek, ShHTning muloqot bo‘yicha hamkorlari maqomini olish uchun Bahrayn va Maldiv orollarining arizalarini ham maʼqullaydilar. Tegishli qarorlar ShHTning Samarqand sammitida imzolanadi.
Tomonlar Belarusdan to‘liq aʼzolik uchun, shuningdek, boshqa qator mamlakatlarning kuzatuvchi maqomi va muloqot sherigi maqomini olish uchun arizalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Sammit hujjatlarining yakuniy ro‘yxati ShHT davlat rahbarlari uchrashuvi arafasida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Milliy koordinatorlar kengashi tomonidan kelishiladi.
Umuman olganda, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammit ShHT davlat rahbarlari uchun global kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilishga samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Ishonchimiz komilki, ShHTning Samarqand sammiti keng ishtirokchilari orasida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, o‘zaro hurmat, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikni rivojlantirish masalalarini konstruktiv muhokama qilish uchun noyob xalqaro maydonchaga aylanadi.
Bo‘lajak sammit Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonning keng mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka qaratilgan faol, ochiq va pragmatik tashqi siyosatining yana bir yorqin namoyishi bo‘ladi.