Afg‘oniston gazetasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT sayyohlik forumiga bag‘ishlangan maqola chop etildi
Afg‘onistonning «The Kabul Times» gazetasida Toshkentda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) raisligi doirasida bo‘lib o‘tgan xalqaro sayyohlik forumiga bag‘ishlangan «O‘zbekistonning ShHTga raisligi: samarali hamkorlik, turizm va madaniyat sohasidagi maqsad va vazifalar» sarlavhali maqola chop qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Toshkentda o‘tkazilgan «ShHTda hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros» xalqaro forumida aniq maqsad va vazifalar ishlab chiqilgani, sentyabr oyida tashkil qilinadigan sammitda imzolanishi kutilayotgan hujjatlar muhokama qilingani qayd etilgan.
Nashrda taʼkidlanganidek, ShHTga aʼzo davlatlarning turizm maʼmuriyati rahbarlari turizm va madaniy meros sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi, qo‘shma turistik yo‘nalishlarni tadbiq etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika imkoniyatlarini oshirish masalalarini muhokama qildi.
ShHTga aʼzo davlatlar turizm rahbarlarining xalqaro forum arafasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ShHT mamlakatlari o‘rtasida xalqaro sayyohlar orasida talab yuqori bo‘lgan qo‘shma yo‘nalishlar bo‘yicha sayyohlik-transport marshrutlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish asosiy vazifalardan biri ekaniga eʼtibor qaratgani taʼkidlangan.
O‘rta asrlarda bunyod etilgan islom meʼmoriy yodgorliklari, shuningdek, xristian va buddizm obidalari respublikaning diqqatga sazovor maskanlari qatoriga kiradi. Shuningdek, O‘zbekistonda gastronomik, sog‘lomlashtirish, ziyorat, qishki, tog‘, agro, etno, ekoturizm va boshqa sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda, deb yozgan «The Kabul Times».