ShHT sammiti 2022-yil 15-16-sentabr

ShHT Bosh kotibi: Biz zamon bilan hamnafas bo‘lish niyatidamiz

Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Chjan Min 28-29 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadiganShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi oldidan «Dunyo» AA uchun bergan intervyusida  tashkilot salohiyati va uning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni haqida so‘zlab berdi.

- Bu yil ShHT kun tartibi madaniy-gumanitar tadbirlarga boy. Sizningcha, ShHT doirasidagi madaniy-gumanitar muloqotning asosiy xususiyati nimada?

- ShHT mamlakatlarini ko‘plab tarixiy-madaniy aloqa nuqtalari, umumiy madaniy meros, umumiy qadriyatlar, etnik-madaniy yaqinlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bog‘lab turadi. Nomoddiy merosimiz insoniyat sivilizatsiyasi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar, atoqli olimlar nomi bilan bog‘liqdir.

ShHT Nizomi va ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida 2007 yili imzolangan madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq, a’zo davlatlar madaniy muloqot va gumanitar almashuvlarni chuqurlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. «Shanxay ruhi»dagi madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish va umumiy rivojlanishga intilish tamoyillariga izchil amal qilinmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston raisligi kun tartibida gumanitar hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Rejalashtirilgan 80 ta loyihaning chorak qismi madaniy-gumanitar sohaga taalluqli. Xususan, adabiyot, musiqa, kinematografiya va tasviriy san’at yo‘nalishlarida madaniyatlar muloqotini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirildi. 2022 yil 19 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishida madaniy xilma-xillikni saqlash, ko‘p asrlik an’analar haqidagi bilimlarni faol tarqatish kabi keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida Muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasining ma’qullanishi ana shunday muhokamalarning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.

2022 yil 20 may kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar jismoniy tarbiya va sportga mas’ul vazirlik hamda idoralari rahbarlari yig‘ilishining tarixda ilk bor Toshkent shahrida o‘tkazilishi ham yuksak e’tirofga sazovor. E’tiborli jihati shundaki, tadbir doirasida milliy sport turlarini qayta tiklash va ommalashtirish, ShHT makonida xalqaro sport turizmini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. 

Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yangicha mazmun kasb etdi. Bugungi kunda COVID-19 pandemiyasi insoniyat uchun murakkab muammo bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Shu bois u bilan bog‘liq qiyinchiliklarni bartaraf etish ShHTning ustuvor maqsad va vazifalaridan biriga aylandi. Tashkilot doirasida zarur me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, ShHTga a’zo davlatlar Sog‘liqni saqlash vazirlarining yig‘ilishi va xizmatlar rahbarlarining uchrashuvi kabi hamkorlikning ixtisoslashtirilgan mexanizmlari yaratildi. Ular sanitariya-epidemiologik farovonlikni ta’minlash uchun mas’uldirlar.

Joriy yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konseptsiyasini, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni qabul qilish rejalashtirilgan.

Ushbu ro‘yxatni adog‘siz davom ettirish mumkin. Shuning uchun asosiy fikrni ta’kidlash bilan cheklanaman. Gap ShHTdagi madaniy-gumanitar hamkorlikning ayrim o‘ziga xosliklari haqida emas, balki bu yerda «Shanxay ruhi»ning asosiy tamoyili namoyon bo‘ladigan, ya’ni madaniy va sivilizatsiya an’analarining xilma-xilligiga o‘zaro hurmat hamda umumiy rivojlanishga intilish haqida bormoqda.

- Tashqi ishlar vazirlari kengashida  «SHHT ezgu niyat elchisi» to‘g‘risidagi nizom loyihasini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Sizningcha, ushbu institutning tashkil etilishi SHHT brendini ilgari surish va uning qadriyatlarini ommalashtirishga qanday ta’sir qiladi?

- Bu institut O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil sentabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlat rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida ilgari surilgan edi. Bu tashabbus barcha davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uning dolzarbligi ta’kidlandi. Ushbu maqom ShHTga a’zo davlatlarning madaniyat va san’at, adabiyot va ilm-fan, musiqa va sport sohalaridagi taniqli arboblariga, jamoatchilik e’tirofi, hurmatiga sazovor bo‘lgan kishilarga berilishi ko‘zda tutilgan.

Biz ShHTdagi yangi yuqori martabali vakilning kelgusi faoliyatidan jiddiy umidlar va ijobiy natijalar kutamiz. Avvalo, uning faoliyati ko‘p tomonlama diplomatiya, ochiq muloqotni rivojlantirish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar loyihalarni ilgari surish, shuningdek, xalqaro hamjamiyat o‘rtasida tashkilotning ijobiy imidjini shakllantirishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.  «Ezgu niyat elchisi» mintaqaviy va global formatdagi turli xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, ya’ni ShHTva uning qadriyatlarini targ‘ib qilish hamda ommalashtirish, tashkilot faoliyatining turli jihatlarini tushuntirish bo‘yicha muhim institutga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ishonamizki, ijtimoiy faoliyatda katta tajribaga, shon-shuhrat va ta’sirga, shuningdek, ushbu sharafli missiyani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan shaxsiy va professional fazilatlarga ega bo‘lgan «Ezgu niyat elchisi»  siyosiy, biznes, jurnalistik va ilmiy doiralarda «Shanxay ruhi» tamoyillarini, shu jumladan, ShHT mintaqasidan tashqarida ham qo‘llab-quvvatlaydi.

– Jahon turizm bozori pandemiya oqibatlaridan katta zarar ko‘rdi. ShHT doirasida ushbu sohani tiklash va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda? ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi ushbu muhim sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

– Pandemiya mamlakatlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, joriy yilda  turizm sanoati pandemiyadan eng ko‘p  zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Ayni paytda ShHTga a’zo davlatlarning tegishli idora va muassasalari tomonidan pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasini tiklash va yanada rivojlantirish bo‘yicha jiddiy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ish, birinchi navbatda, turizm sohasiga sarmoya jalb etish, turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini birgalikda targ‘ib qilish, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida viza tartibini soddalashtirish choralarini qo‘llashni rag‘batlantirish kabi yo‘nalishlarga qaratilgan.

Bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun o‘tgan davr mobaynida zarur hujjatlar bazasi shakllantirildi. Jumladan, 2016 yil 24 iyun kuni Toshkent shahrida Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi, 2019 yil 14 iyun kuni Bishkek shahrida UNWTO bilan memorandum imzolandi, 2021 yil 15 iyul kuni Dushanbe shahrida ShHTga a’zo davlatlarning 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirishning yangi sharoitlarida qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi, o‘sha yil 17 sentabr kuni Dushanbeda Shanxay hamkorlik tashkilotining turizm va madaniyat poytaxti to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Joriy yilda O‘zbekiston raisligi ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Hujjat bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ishlab chiqilgan. ShHTga a’zo davlatlar turizm sohasida hamkorlik dasturini amalga oshirish rejasi bilan bir qatorda ushbu Bitimning imzolanishi tegishli vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtiradi va a’zo davlatlarning sayyohlik brendlarini o‘zaro asosda targ‘ib qilishga, turistik xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirishga, ushbu sohadagi raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shunday qilib, biz ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida sayyohlik sohasidagi munosabatlar har tomonlama, to‘laqonli xususiyat kasb etayotganini ko‘rayapmiz. Bu esa, o‘z navbatida, ShHTga a’zo davlatlar xalqlarining tarixi, madaniyati, tabiati va an’analari bilan tanishish turizm xizmatlari darajasining oshishiga, iqtisodiyot va sayyohlikning rivojlanishiga olib kelishi muqarrar.

- Ma’lumki, uzoq davr davomida davlatlararo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari ShHT mamlakatlari xalqlarini birlashtirib kelmoqda. ShHT hududi birgalikda rivojlanish uchun katta imkoniyatlarga ega. Bunda ShHT shafe’ligida faoliyat ko‘rsatayotgan xalq diplomatiyasi institutlari qanday rol o‘ynashi mumkin?

- Xalq diplomatiyasi ikki va ko‘p tomonlama formatdagi davlatlararo munosabatlarning ajralmas qirrasidir. Bu turli mamlakatlar xalqlariga bir-birining madaniyati, tarixi, urf-odatlari va dunyoqarashini tushunishga imkon beradigan muhim vosita. Shu tufayli biz o‘zlikni anglash, odamlar o‘rtasidagi ishonch va yaqinlik tuyg‘usini rivojlantirishga hissa qo‘shishimiz mumkin.

Xalq diplomatiyasi institutlari orqali davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash yo‘nalishi ShHTning 2015 yilda qabul qilingan  2025 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi va  2021 yildagi ShHTning 20 yillik Dushanbe deklaratsiyasida mustahkamlangan. Ushbu hujjatlarda xalq diplomatiyasining davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi alohida o‘rni ta’kidlangan.

Keyingi yillarda xalq diplomatiyasi yo‘nalishidagi ishlarni faollashtirish maqsadida XXR Raisi Si Szinpinning tashabbusi bilan ShHT Xalq diplomatiyasi forumi tuzildi. Uning birinchi sessiyasi 2021 yil Uxan shahrida muvaffaqiyatli o‘tdi. ShHT Xalq diplomatiyasi ikkinchi forumi “Xalq diplomatiyasi – rivojlanish yo‘lidagi bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish” shiori ostida 2022 yil 11 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Forumning asosiy maqsadlaridan biri SHHTning keng makonli integratsiyasi jarayonini rivojlantirish, xalq diplomatiyasi ravnaqini chuqurlashtirish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport, sayyohlik va shaharlararo hamkorlik kabi gumanitar sohalarda hamkorlik munosabatlari ko‘lamlarini kengaytirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning yangi yo‘nalishlarini o‘rganish, ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatini rivojlantirish, ko‘p tomonlama madaniy loyihalarni yaratish va amalga oshirish, odamlar o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama ilgari surish bo‘ldi.
So‘nggi yillar davomida ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining samimiy qiziqishi va faol ishtirokida SHHT makonida ShHT Yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi (Pekin),  Madaniy integratsiya va ShHT integratsiyasi markazi (Bishkek), ShHT Xalq diplomatiyasi markazi (Toshkent) hamda SHHT Do‘stlik va hamkorlik markazi (Dushanbe) tashkil etilgan bo‘lib, ular ikki va ko‘p tomonlama gumanitar almashuvlarni chuqurlashtirish borasida faol ish olib bormoqda. Madaniy merosni asrab-avaylashga ko‘maklashadigan va tashkilotga a’zo davlatlar xalqlari umumiy farovonlikka erishishiga yordam beradigan turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Biz zamon bilan hamnafas bo‘lgan holda turli mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida samarali almashuvlarga ko‘maklashish va o‘zaro o‘rganish hamda tan olinishga yordam berish uchun yangi axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalaridan to‘laqonli foydalanish niyatidamiz. Turizm, an’anaviy tibbiyot va mintaqaviy hamkorlik singari sohalarda yaqqol hamkorlik bundan keyin ham  mustahkamlanib boraveradi.
Xalq diplomatiyasi ShHT mamlakatlari xalqlari o‘rtasida o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish va shunga monand ravishda ShHT a’zo davlatlari va boshqa hamkor mamlakatlararo o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlashning eng samarali shakli sifatida tashkilotning izchil jipslashishiga, aholi o‘rtasida umumiy, qadimiy va boy madaniyat hamda an’analarga daxldorlik tuyg‘usini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Buning ahamiyatini boshqacha baholash mushkul.