ShHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi
8 aprel kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ShHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
ShHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Rossiya Federatsiyasi Ilm-fan va oliy ta'lim vaziri o'rinbosari Natal`ya Bocharova, Qozog'iston Respublikasi Ta'lim va ilm-fan vaziri o'rinbosari Kuanish Ergaliev, Qirg'iziston Respublikasi Ta'lim va ilm-fan vaziri Almazbek Beyshenaliev, Tojikiston Respublikasi Ta'lim va ilm-fan vaziri o'rinbosari Lutfiya Abduxoliqzoda, Hindiston Respublikasi Ilm-fan va texnologiya vaziri Jitendra Singh (Jitendra Singh), Pokiston Respublikasi Ilm-fan va texnologiya federal vaziri Shibli Faraz (Shibli Faraz), Xitoy Xalq Respublikasi Ilm-fan va texnologiya vaziri Van Chji Gan (Wang Zhigang) ishtirok etdilar.
O'zbekiston Respublikasi Innovsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va ShHT Bosh kotibi Chjan Min tadbirni ochib berib, ishtirokchilarni qutladilar.
O'zbekiston tomoni ShHT a'zo-davlatlari Ilm-fan va texnika bo'yicha 2022-2025 yilgi rejalarini qo'llab quvvatlagan holda qator tashabbus va takliflar bilan chiqdi. Xususan, ulardan biri Orol dengizi hududidagi mavjud muammolarni hal etish uchun ShHT a'zo-davlatlari uchun «Orolbo'yi hududi uchun innovatsiyalar» dasturini ishlab chiqish taklifi bo'lib, mamlakatlarning ilmiy imkoniyatlarini mazkur muammoning echimiga qaratish, resurstejamkor, «yashil» va aylanma texnologiyalar bilan almashishni o'z ichiga oladi.
Shuningdek, I. Abdurahmonov «ShHT a'zo-davlatlari florasi» elektron platformasini yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Bunda sun'iy intellekt yordamida kam uchraydigan va yo'qolib borayotgan o'simliklarni aniqlashning avtomatlashtirilgan raqamli modelitni joriy etish taklif etiladi. Bu nafaqat tadqiqot ishlarini jadallashtirishga, balki yo'qolib borayotgan o'simliklar turlarini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, iqlim o'zgarishi, is gazi darajasini kamaytirishga qarshi kurash bo'yicha hamkorlikdagi «Yashil energetika» ilmiy dasturini ishlab chiqish va joriy etish, ShHT a'zo-davlatlarining innovatsion texnologiyalari raqamli yarmarkasini tashkil etish, ShHT a'zo-davlatlari olimlari va mutaxassislari uchun ilm-fan texnika sohasida mukofotini ta'sis etish tashabbuslari ilgari surildi.
ShHT a'zo-davlatlari ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlarining Oltinchi yig'ilishida ShHT a'zo-davlatlarining ilmiy-texnika sohasidagi 2022–2025 yillardagi hamkorlik rejasi muhokama qilindi. ShHT a'zo-davlatlari ilm-fan va texnika bo'yicha rahbarlari yig'ilishi 2010 yildan beri o'tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbir ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlikni o'rnatish va takomillashtirish uchun samarali maydon bo'lib, ShHT a'zo-davlatlari o'rtasida ilm-fan va texnika sohalari o'zaro manfaatli rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.