Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining to‘rtinchi Kengashi bo‘lib o‘tadi
Joriy yil 17-18 avgust kunlari Toshkentda O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida tashkilotga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining to‘rtinchi Kengashi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Markaziy Osiyo xalqaro instituti maʼlumotiga tayangan holda.
Kyengashda ShHTga aʼzo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari, kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, INTERPOL, BMTning Narkotik va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi hamda MDHning Aksilterror markazi delegatsiyalari qatnashadilar.
Kengash kun tartibiga ko‘ra, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash jarayonida hamkorlikni yana-da rivojlantirish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi, terrorizm, ekstremizm va separatizm hamda transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa masalalar muhokama etiladi.
Tadbir jarayonida delegatsiya rahbarlarining xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga bag‘ishlangan ikki tomonlama uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.