Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori: O‘zbekiston ShHT aʼzo davlatlarining mamlakat xavfsizligi manfaatlariga javob beradigan zarur chora-tadbirlarni qabul qilish va amalga oshirishga faol ko‘maklashishda davom etadi
Bugun boshlangan narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasida masʼul bo‘lgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari rahbarlarining 12-majlisida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev mamlakatimizning mintaqada barqarorlikni taʼminlash borasidagi nuqtai nazari qatʼiy ekanini taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.
«O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, jumladan, turizmni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, transchegaraviy hamkorlik, o‘z navbatida, mintaqadagi integratsiya jarayonlari natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholash va oldindan bilish zaruratini talab qilmoqda, - dedi Markaz direktori. - O‘zbekiston bundan keyin ham mintaqada barqarorlikni taʼminlash uchun SHHTga aʼzo davlatlarning mamlakat xavfsizligi manfaatlariga javob beradigan zarur chora-tadbirlarni qabul qilish va amalga oshirishga faol ko‘maklashadi.
Ishonchimiz komilki, giyohvandlikka qarshi hamkorlikning uch bosqichli mexanizmi belgilangan vazifalarni amaliy jihatdan hal etishga, narkotik moddalar tarqalishiga qarshi kurashishga qaratilgan yangi g‘oya va takliflarni ilgari surishga xizmat qiladi».