Tojikiston ommaviy axborot vositalari Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro turizm forumi haqida
Tojikistonning “Avesta” axborot agentligi tomonidan “O‘zbekistonning ShHTga raisligi: samarali hamkorlik, uzoq muddatli maqsad va vazifalar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda joriy yil 19-21 may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “ShHT mamlakatlari hamkorligining yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” xalqaro sayyohlik forumi, shuningdek, tashkilotga aʼzo mamlakatlar sport vazirlarining yig‘ilishi tafsilotlari o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan. “Tadbirlar davomida aniq maqsad va vazifalar ishlab chiqildi, tomonlar joriy yil sentyabr oyida o‘tkaziladigan sammitda imzolanadigan kelishuvlarni muhokama qildilar, — deb yozadi axborot agentligi. - ShHTga aʼzo davlatlarning turizm maʼmuriyatlari rahbarlari forumida turizm va madaniy meros sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish va tadbiq etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, transport-logistikani kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. ShHTga aʼzo davlatlarning Arktikadan Hind okeanigacha va Shanxaydan Kaliningradgacha cho‘zilgan umumiy maydoni dunyo aholisining 40 foizdan ortig‘ini o‘z ichiga qamrab oladi. Bu ulkan turizm bozori hisoblanib, uning salohiyatidan yaqin yillarda to‘liq foydalanish kerakligi qayd etildi».
Maqolada taʼkidlanganidek, 2019 yilda ShHT davlatlaridan 250 millionga yaqin sayyoh xorijda dam olish uchun borgan, ularning katta qismini Xitoy aholisi tashkil qiladi. «O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgan bo‘lib, azaldan butun dunyo sayyohlarining eʼtiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda”, deb yozadi “Avesta”.
Maqola intihosida bo‘lajak ShHT sammiti o‘zgaruvchan xalqaro muhitni hisobga olgan holda, tashkilotga aʼzo mamlakatlarning tarixan yaqin munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berishi va ayni paytda sentyabr oyida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar ustida faol ish olib borilayotgani qayd etilgan.