Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi Toshkent anjumanining yakunlari Eron OAV diqqat markazida
Eronning «Fars news» axborot agentligi tomonidan «Vladimir Norov: Samarqand sammiti doirasida Eron tomoni majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolanishi rejalashtirilgan» sarlavhali maqola tarqatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekiston TIV rahbari V. Norov joriy yil 29 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishining yakunlariga bag‘ishlab ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingdagi chiqishida ShHTga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak sammiti doirasida Eronning ShHTga to‘laqonli aʼzoligiga yo‘l ochuvchi majburiyatlar to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash rejalashtirilayotganini maʼlum qilgani o‘qu4vchilar eʼtiboriga havola etilgan.
Nashrning yozishicha, ShHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bahrayn va Maldiv ShHTning muloqot bo‘yicha hamkorlari maqomini olish haqidagi arizalarini qo‘llab-quvvatlagan. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHT Davlat rahbarlari sammitida tegishli qarorlar qabul qilinadi. “Ayni paytda Belarusning tashkilotga to‘laqonli aʼzo bo‘lish uchun arizasini ham faol o‘rganilmoqda”, deya qo‘shimcha qiladi Eron axborot agentligi.
Shuningdek, maqolada mazkur yig‘ilish ishtirokchilari asosiy tadbir – joriy yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga aʼzo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini atroflicha muhokama qilishgani holda imzolanishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘plamini kelishib olishgani ham qayd etilgan.
Yuqoridagilar bilan birga, «Fars news» o‘quvchilar eʼtiborini tashqi ishlar vazirlari ShHTning turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, xalqaro hamkorlar bilan institutsional aloqalarini kengaytirish istiqbollarini ham atroflicha muhokama qilishganiga qaratar ekan, anjuman chog‘ida mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishganini taʼkidlaydi.
“Yig‘ilish yakunlari dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha tomonlarning nuqtai nazarlari mushtarak ekanligini ko‘rsatdi”, deya deya xulosa qiladi «Fars news».