O‘zbekiston Oliy sudi raisi Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi
Bugun Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining 17-yig‘ilishi Tojikiston raisligida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi.
Unda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston Oliy sudlari raislari va sudyalari, kuzatuvchi davlatlar - Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston Oliy sudlari raislari va sudyalari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi Chjan Min hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etadi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov rahbarlik qilmoqda.
Bo‘lajak tadbir davomida jismoniy va yuridik shaxslarning bankrotligi to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rib chiqishda milliy qonunchilikni qo‘llash amaliyoti, farzandlikka olish holatlarini ko‘rib chiqish xususiyatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Kiberjinoyatchilik holatlari bo‘yicha tajriba almashish ham yig‘ilishning kun tartibidan joy olgan. Bundan tashqari, sud jarayonlarida sunʼiy intellekt va robototexnika bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz: ShHTga aʼzo davlatlar Oliy sudlari raislarining 16-yig‘ilishi 2021 yil 24 sentyabr kuni Qirg‘iziston tomoni raisligida videokonferensiya aloqasi vositasida bo‘lib o‘tgan edi.