O‘zbekistonning ShHT doirasidagi tashabbuslari Ozarbayjon OAV diqqat markazida
Ozarbayjonning «Yangi davr» axborot-tahliliy portalida «O‘zbekiston va ShHT: hamkorlik, maqsad va vazifalar» sarlavha ostida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki xalqaro miqyosda ham muhim ishtirokchilardan biriga aylandi.
«Uning mavqei va nufuzi ortib borayotganini Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan pragmatik va faol tashqi siyosat bilan izohlash mumkin, - deb yozadi «Yangi davr». - O‘zbekistonning mintaqadagi yangi tashabbuslari, xalqaro institutlardagi faol ishtiroki butun dunyoda eʼtirof etilmoqda va olqishlanmoqda. Bu mamlakat nufuzini sezilarli darajada mustahkamladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi faol roli alohida eʼtiborga loyiqdir. O‘zbekiston amaldagi rais sifatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan ko‘plab tashabbus va takliflarni ilgari surdi, ShHTning mavjud kun tartibini boyitishga faol hissa qo‘shmoqda».
O‘zbekiston bir qator tashabbuslarni taklif qilmoqda, ularning amalga oshirilishi ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da yuqori bosqichga olib chiqadi, deyiladi nashrda. Bu mintaqalararo savdoni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, transport aloqasini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, axborot xavfsizligi muammolariga javob berish, tashkilotning ijobiy imijini ilgari surish, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Madaniy-gumanitar hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilayotgani jahon hamjamiyatiga davlatlarning milliy anʼanalariga hurmat, bag‘rikenglik va xalqaro almashinuvlar orqali madaniyatlarni o‘zaro boyitish namunasini ko‘rsatmoqda.
«O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan ShHTning o‘zaro bog‘liqlik strategiyasi Afg‘onistonning butun Yevroosiyo uchun o‘ziga xos iqtisodiy va tranzit rolini qayta tiklashga ham xizmat qiladi», deb yozadi «Yangi davr».