Xitoydan munosabat: Biz O‘zbekistonning siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash, amaliy hamkorlik va almashuvlarni faollashtirish hamda optimallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtiruvchi saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaymiz
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa departamenti direktorining o‘rinbosari Yuy Szyun Dunyo AA uchun bergan intervyusida bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan ShHT TIVK yig‘ilishi yakunlari haqidagi fikrlarini bayon qildi.
– O‘zbekiston joriy yilda ShHT ga raislik davomida turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan eʼtiorga molik ishlarni amalga oshirdi, dedi u. - Bu barcha aʼzo davlatlar, jumladan, Xitoy tomonidan ham yuqori baholandi. Biz O‘zbekistonning siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash, amaliy hamkorlik va almashuvlarni faollashtirish hamda optimallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtiruvchi saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaymiz.
Hamkor davlatlar sifatida O‘zbekiston va Xitoy ShHT doirasida yaqin aloqalarni davom ettirmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston raisligi hamkorlik bo‘yicha ko‘plab hujjatlarni taklif qildi, ularning qabul qilinishini biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu qadamlar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi barobarida, ShHT oilasi xalqlari farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi.
O‘zbekistonning raisligi va uning doirasida o‘tkazilgan tadbirlar zamonaviy tahdidlarga qarshi turishga qodir aniq kuch borligini ko‘rsatdi. Ular ShHT faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshganini namoyon etmoqda.
ShHTning kelajagi buyukdir. Shu maʼnoda xalqaro hamjamiyat va ko‘plab davlatlar ShHT bilan hamkorlik darajasini oshirishga harakat qilmoqda. Bu ShHT ning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi muhim mavqeidan dalolat beradi. Bu esa ijobiy holatdir.