Toshkentda ShHTga a’zo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha vazirlik va idoralari rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
19-21 may kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha vazirlik va idoralari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy olimpiya qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, anjumanda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston rasmiylari qatnashadi. Shuningdek, yig‘ilishda Xitoy delegatsiyasi onlayn shaklda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Dastur doirasida asosiy yig‘ilish 20 may kuni tashkil etiladi. Shu bilan birga Toshkentga kelgan delegatsiya vakillarining Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrifi hamda Toshkent viloyatiga safari ham rejalashtirilgan.
Yig‘ilish kun tartibidan kelgusida rejalashtirilgan yuqori darajadagi sport musobaqalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, ShHT davlatlari o‘rtasida sport sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, davlatlar va hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shu bilan birga aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda o‘zaro tajriba almashish, yoshlarni sportga jalb qilishda keng miqyosli loyihalarni amalga oshirish borasida muhokamalar o‘tkaziladi.
Ta’kidlash lozimki, yig‘ilish doirasida ShHTga a’zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish rejasi ham tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ShHTning sport sektori rahbarlari jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, sport orqali do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, atletlarni rag‘batlantirish, Olimpiya harakatini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlash borasida ham o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.