Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I: Siyosiy almashuvlar va muvofiqlashtirishni faollashtirish muhim ahamiyatga ega
Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda so‘zga chiqqan XXR Davlat kengashi aʼzosi, tashqi ishlar vaziri Van I mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi:
- Jahon iqtisodiyotining sust o‘sishi mintaqa mamlakatlarining shusiz ham yengil bo‘lmagan ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini chuqurlashtirmoqda. Insonga yo‘naltirilgan rivojlanish konsepsiyasiga qatʼiy amal qilishimiz, mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo‘lida ko‘proq uzoq muddatli va ijtimoiy ahamiyatga molik hamkorlik loyihalarini rejali ravishda amalga oshirishimiz lozim. Siyosiy almashuv va muvofiqlashtirishni faollashtirish, «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi doirasida yuqori sifatli hamkorlikni chuqurlashtirish, transchegara transport yo‘laklari qurilishini takomillashtirish, ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarining xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
ShHT Taraqqiyot bankini tuzish, milliy valyutalardagi hisob-kitoblarni kengaytirish, yirik qo‘shma loyihalar ko‘proq amaliy moliyalashtiruv bilan hamohang bo‘lishi masalalarini muhokama qilishda omilkorlik va dadillikni namoyon qilish zarur.
Umid qilamizki, joriy yilning noyabr oyida Xitoy raisligida bo‘lib o‘tajak ShHT Hukumat rahbarlari kengashining yig‘ilishi mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani samarali rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.