BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitida qatnashadi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana bilan onlayn shaklda muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda.
Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotga ko‘ra, A.Alisjabana O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, yangi hududlararo transport yo‘laklarini yaratish, Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Respublika rahbariyatining Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shish borasidagi saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyatning yuksak bahosiga munosib ekani taʼkidlandi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi bilan hamkorligining aniq yo‘nalishlari, komissiyaning bo‘lajak xalqaro tadbirlarida yurtimiz vakillarining ishtiroki muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida BMT shafeligida Transport va kommunikatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini yana-da targ‘ib qilish va amaliy hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Armida Alisjabana joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqladi, uning doirasida Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va ShHT o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.