Cho‘lpon-Otada Xalqaro yengil atletika federatsiyasi taqvimiga kiritilgan ShHTning 3-Issiqko‘l marafoni bo‘lib o‘tdi
Cho‘lpon-Ota shahrida (Qirg‘iziston) SHHTning 3-Issiqko‘l xalqaro marafoni («Run the Silk Road – Shanghai Cooperation Organization») bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
ShHTning Xalqaro Issiqko‘l marafoni sportchilarga tegishli standartlarga muvofiq, Osiyo o‘yinlari, Jahon kubogi va Olimpiya o‘yinlari uchun litsenziya olish imkonini beradigan xalqaro ballarni taqdim etadi. (Marafon Xalqaro marafonlar va yugurish assotsiatsiyasining sertifikatiga ega).
Bundan tashqari, 2021 yilda Issiqko‘l marafoni Xalqaro yengil atletika federatsiyasining «Label Road Races» taqvimiga ham kiritildi.
ShHT Bishkek va Moskva sammitlaridan so‘ng Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari tomonidan qabul qilingan Qo‘shma deklaratsiyalarda tashkilot rahbarlari xalqlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishga hissa qo‘shadigan Issiqko‘l va Kunmin (Xitoy) marafonlarini muntazam ravishda o‘tkazishni yoqlab chiqdilar.
Joriy marafonda 22 mamlakatdan, shu jumladan, SHHT mamlakatlaridan 3 ming nafar sportchi ishtirok etdi. Ular 3, 10, 21, 42 kilometr masofalarda bellashdilar.
Bosh kotib Chjan Min marafon ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ushbu tadbir o‘ziga xos jozibadorligi, ommaviy xususiyati bilan alohida mavqega ega ekanligi, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab anʼanaviy do‘stlik va xalqlarning yaqinlashuvini chuqurlashtirish ko‘prigiga aylanganini taʼkidladi. Chjan Min aʼzo davlatlar rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashi SHHT taraqqiyoti uchun bitmas-tuganlanmas kuch ekanini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik sportchi Shohruh Davlatov 42 kilometrda o‘tkazilgan SHHTning «Run the Silk road — Shanghai Cooperation Organization» Issiqko‘l marafonida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.