ShHT aʼzo davlatlari o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi vazirlik hamda idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning loyihasi tasdiqlandi
Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston tomoni raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi vazirlik hamda idoralari rahbarlarining gibrid formatdagi birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan chaqirildi. U ShHT makonida fitosanitariya xavfsizligini taʼminlash sohasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi mexanizmiga aylandi.
Uchrashuv davomida davlatlar hududlarini zararli organizmlarning kirib kelishidan himoya qilish, tashkilotga aʼzo mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aylanmasining ko‘payishiga ko‘maklashish maqsadida o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
ShHT Bosh kotibi Chjan Min ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatida SHHT makonida bu sohadagi o‘zaro hamkorlik o‘simliklar orasida zararkunanda va kasalliklar tarqalishining oldini olishga yordam berishini, turli mamlakatlar o‘rtasidagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish uchun qulay sharoitlar yaratishini taʼkidladi. «Shu asnoda yangi mexanizm - ShHTga aʼzo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining o‘simliklar karantini sohasidagi uchrashuvi yaratilganini mamnuniyat bilan qabul qilaman», - dedi SHHT Bosh kotibi.
Majlisda ShHTga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida O‘simliklar karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim loyihasi tasdiqlandi.
Bitim qishloq xo‘jaligi savdosining izchil o‘sishi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, fitosanitariya nazorati tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratishga mo‘ljallangan. Hujjat Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga aʼzo Davlatlar rahbarlari Kengashi sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan.