Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
28-29 iyul kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi yuzma-yuz muloqot tarzida bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv O‘zbekistonning ShHTga amaldagi raisligining eng muhim voqealaridan biridir.
Tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari, shuningdek, ShHT bosh kotibi va MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori ishtirok etadi.
Yig‘ilishda ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan majlisiga tayyorgarlik masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi.
ShHTning navbatdagi sammiti uchun salmoqli hujjatlar to‘plamining maʼqullanishi kutilmoqda.
Ular orasida O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish Majmuaviy rejasi, O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi, Ishbilarmon doiralar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturlari, «ShHTning yaxshi niyat elchisi» faxriy unvoni to‘g‘risidagi nizom va boshqalar bor.
ShHTga aʼzo davlat, kuzatuvchi davlat va ShHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini olish uchun tushgan arizalar ko‘rib chiqiladi.
Vazirlar, shuningdek, ShHT faoliyatining turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish, xalqaro sheriklar bilan institutsional aloqalarni kengaytirish istiqbollarini ham muhokama qiladi.
Bundan tashqari, mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish ham vazirlar yig‘ilishining kun tartibidan o‘rin olgan.