ShHTga aʼzo mamlakatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlari tomonidan “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar sohasidagi O‘zaro hamkorlik Konsepsiyasi maʼqullandi
Kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J. Xodjayev Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) aʼzo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining VII - yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan maʼlum qilinishicha, yig‘ilishda Hindiston, Qozog‘iston, XXR, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston mutasaddi vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, SHHT va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbariyati ishtirok etdi.
J. Xodjayev o‘z qutlov so‘zida ShHT Kotibiyatining BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan ushbu ikki tashkilot o‘rtasida qabul qilingan 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirish borasidagi ishlariga yuqori baho berib, "o‘sish nuqtalarini" ishga solish va mintaqada qishloq xo‘jaligi sohasida salohiyatni to‘liq ochib berishga qaratilgan qator konstruktiv takliflarni ilgari surdi. Jumladan, ilm-fanga asoslangan texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, to‘plangan tajriba va bilimlar almashish, tomorqa xo‘jaliklari va bog‘dorchilikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.
ShHT makonida agroekologik qishloq xo‘jaligini ommalashtirish va ilgari surish, shuningdek FAO bilan hamkorlikda agrosektorni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni hayyotga tatbiq etish bo‘yicha faol choralar ko‘rish taklif etildi.
Agroturizmni rivojlantirish, ushbu sohada faol tajriba almashish, shuningdek, doimiy ravishda qo‘shma xalqaro festivallarni tashkil etish bo‘yicha kompleks dasturni qabul qilish istiqbollari qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi kadrlar tayyorlash borasida mintaqaning barcha mamlakatlari uchun ustuvor yo‘nalish ekani taʼkidlandi. Gap texnologik jihatdan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga, kadrlar tayyorlash va zarur infratuzilmani yaratishga o‘zaro investitsiyalar kiritish haqida ketmoqda. Ushbu tashabbusni amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida ShHTga aʼzo davlatlar yaqinda Toshkentda ochilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga taklif etildi.
Uchrashuv yakunida agrar sohadagi o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlarning “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalar sohasidagi O‘zaro hamkorlik Konsepsiyasi loyihasi maʼqullandi. Ushbu hujjat butun mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashning katta istiqbollarini ochib beradi.