Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumi o‘z ishini boshladi
Bugun poytaxtimizda O‘zbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raisligi doirasida «Xalq diplomatiyasi –taraqqiyot sari o‘zaro hamjihatlik» mavzuidagi SHHT Xalq diplomatiyasi forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Gibrid shakldagi ushbu tadbirda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Umumxitoy xalq vakillari yig‘ini Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik qo‘mitasi raisi Shen Yueyue, SHHT Bosh kotibi Chjan Min, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatlar qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, BMTning Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German ishtirok etmoqda.
Forum davomida ishtirokchilar zamonaviy dunyoda xalq diplomatiyasining dolzarbligi, O‘zbekistonning SHHTda ushbu institutni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari, shuningdek, tashkilotning madaniy xilma-xilligi va boy sayyohlik salohiyatini ommalashtirish masalalarini muhokama qiladilar.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva forum ishtirokchilariga yo‘llagan qutlov nutqida quyidagilarni ta’kidladi: «Zamonaviy dunyo globallashuvning ziddiyatli tendensiyalari, barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun yangi xavf va tahdidlarning paydo bo‘lishi ta’siri ostida o‘zgarmoqda».
Uning aytishicha, xalqaro terrorizm, radikalizm va ekstremizm, ksenofobiya hamda irqchilik, xalqaro tizimning yetakchi ishtirokchilari o‘rtasida ishonch inqirozining kuchayishi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va pandemiyadan keyingi rivojlanish muammolari va boshqa ko‘plab tahdidlar global harakatlarni birlashtirishni talab etmoqda.
- Shuning uchun xalq diplomatiyasiga bugungi kunda har qachongidan ham ko‘proq talab mavjud, - dedi Parlament yuqori palatasi rahbari. - Murakkab xalqaro vaziyat sharoitida u odamlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va bir-birini tushunishni mustahkamlash orqali umumiy muammolarni hal qilishning birgalikdagi usullarini topish uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi. Sayyoramizning 3,2 milliarddan ortiq aholisini birlashtirgan SHHT mamlakatlari uchun madaniy-gumanitar hamkorlik, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashni davom ettirish, mamlakatlarimiz fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim ahamiyatga ega.